+99891 646-12-12

Shoirlar

YUSUF XOS HOJIB (taxm. 1020/21, Bolosog`un — ?)

    Yusuf Xos Hojib (asl ismi Yusuf) — turkigo`y shoir, mutafakkir, davlat arbobi. «Qutadg`u bilig» dostoni muallifi. Uning hayoti va faoliyati haqida ma`lumotlar beruvchi yagona manba ham «Qutadg`u bilig» kitobidir. Ushbu kitobga ko`ra, u zamonasining barcha asosiy ilmlarini atroflicha o`rgangan, arab va fors tillarini mukammal bilgan. Mahmud Koshg`ariy kabi turkiy tilning mavqeini oshirish, uning madaniy-adabiy hayotdan o`ziga munosib o`rin egallashi uchun kurashgan.

Yusuf Xos Hojibning «Qutadg`u bilig» («Saodatga yo`llovchi bilim», 1069—70) asari islomiy turkiy adabiyotni boshlabgina bermay, uni yangi taraqqiyot bosqichiga ham ko`tardi.

    «Qutadg`u bilig» — 11-asr so`z san`atining nodir namunasi bo`lib, unda o`z davrining ilg`or ijtmoiy-siyosiy, ma`naviy-axloqiy masalalari badiiy talqin qilingan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, ilm-fani, urf-odat va an`analari, turmush tarzi, qadriyatlari xususida batafsil ma`lumot berilgan. 

MAVLONO LUTFIY (1366 - Hirot - 1465)

     Mavlono Lutfiy —  shoiri, orif va mutafakkir. O`z zamonining «malik ul-kalomi». Lutfiyning hayot yo`li singari, ijodiy taqdiri ham juda ibratli: u 99 yil yashagan. Umrining asosiy qismi o`qish, o`rganish va badiiy ijod mehnati bilan o`tgan.

    Lutfiy ham zohiriy-dunyoviy, ham diniy-tasavvufiy ilmlarni chuqur egallagan, davr va zamoniga ochiq nazar bilan qarashga qodir, haqiqat va ma`rifatga sodiq ijodkor edi. Navoiy so`zi bilan aytganda, u «forsiy va turkiyda naziri yo`q» shoir bo`lgan. Lutfiy garchi o`z ona tili — turkiy tilda yaratilgan she`rlari bilan mashhurlikka yetishgan bo`lsada, forsiyda ham o`zining shoirlik iqtidori va mahoratiga ko`pchilikni iqror eta olgan. Ikkinchidan, Lutfiy she`riyat bilan tariqatni, majoz bilan haqiqatni uyg`unlashtirgan edi. Ammo u so`nggi nafasigacha shoirlik burchi va ilhomiga sodiq qolib, o`zbek she`riyati xazinasini biri biridan qimmatli nazm durdonalari bilan boyitdi. Bizgacha shoirning 16—20-asrlar mobaynida ko`chirilgan turkiy devonining 33 qo`lyozma nusxasi yetib kelgan.

 

ALISHER NAVOIY (1441-1501)

     Buyuk o`zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Hirotda tug`ilgan. U temuriyzodalar, xususan bo`lajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi she`rlarni o`qib, yod ola boshlagan. Alisher Navoiy 10-12 yoshlaridan she`r yoza boshlagan. Alisher Navoiyda o`zbek tilida “Xamsa” – besh doston yaratish maqsadi yoshligidan bo`lgan. Bu maqsadini 1483-1485 yillarda amalga oshirdi. Asar o`zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahon adabiyotining durdonalaridan biriga aylandi.

     Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga bo`lish mumkin: 1.Devonlari. 2.Dostonlari. 3.Forsiy tildagi she`riy merosi. 4.Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.

     Buyuk insonparvar Alisher Navoiy o`rta asrdagi uyg`onish davrining boshqa ulug` zotlari singari butun hayoti bilan haqiqiy inson qanday bo`lishi lozimligini ko`rsatdi. Bu buyuk mutafakkir 1501-yil 3-yanvarda vafot etdi.

 

 

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR (1483 – 1539)

     Bobur 1483-yil 14-fevralda Andijonda tug`ilgan. U o`zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste`dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschi hamda temuriy shahzoda.

     Otasi Axsida bevaqt, 39 yoshida fojiali halok boʻlgach, oilaning katta farzandi, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga oʻtiradi.

      Bobur 18—19 yoshlarida ruboiy va gʻazallar yoza boshlagan. Hozirda uning 119 gʻazali, bir masnu sheʼri, 209 ruboiysi, 10 dan optik tuyuq va qitʼalari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham oʻrin olgan. 

    Bir necha muddat oldin podsholikni Humoyunga topshirgan Bobur 47 yoshida oʻzi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va oʻsha yerda dafn etildi, keyinchalik (1539), vasiyatiga muvofiq xoki Qobulga keltirilib, oʻzi bunyod ettirgan "Bogʻi Bobur"ga qoʻyildi.

 

JAHON OTIN UVAYSIY (1779-1845)

    Uvaysiy (1779 — Marg`ilon —1845) — shoira, ma`rifatparvar. Uvaysiy oilada xat-savodini chiqarib, avval xalfa, so`ngra onasining yonida maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofizdan she`riyat ilmini o`rgangan, tez orada shoira, otin sifatida tanilgan. U, ayniqsa, aruzni, muammo (she`rda fikrni yashirib ifodalash) san`atini mukammal egallagan. Qo`qon adabiy muhiti bilan yaqinlashib, mushoiralarda qatnashgan. Saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga she`riyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. Shoiraning adabiy merosida 269 g`azal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabba, 3 doston, tugallanmagan bir manzuma bor. Ijodining g`oyaviy mavzu doirasi teran va ko`p qirrali.

    Shoira adabiyotda taraqqiyparvar namoyandalarning qarashlari asosida maydonga kelgan inson taqdiri, shaxs erki va ma`rifatparvarlik g`oyalarida latif va dilkash asarlar yaratgan, asarlarida insonni e`zozlash, odamlarni tabiat va hayot noz-ne`matlaridan bahramand bo`lishga undash, do`stlik, vafo va sadoqat haqidagi ulug`vor niyatlarini Qur`on oyatlari, hadislar va tasavvufiy talqinlar bilan asoslagan holda ijodiy barkamollikka erishgan. 

 

NODIRA (1792, Andijon — 1842, Qo`qon)

    Nodira (taxallusi; ismi Mohlaroyim)— shoira, ma`rifatparvar va davlat arbobi. «Komila» va «Maknuna» taxalluslari bilan ham she`rlar yozgan. Otasi Andijon hokimi Rahmonqulbiy — ming qabilasidan, Farg`ona hukmdori Olimxonning tog`asi. Olimxon ukasi Umarxonga Marg`ilon hokimligini beradi va uni 1807 yilda Nodiraga uylantiradi. Nodira shu xonadonda she`r yozishni mashq qiladi, shoira Uvaysiy bilan tanishadi, uni muallima sifatida saroyga taklif etadi. 

    Nodiraning adabiy merosi o`z g`oyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan mumtoz she`riyatning go`zal namunalaridandir. Uning to`la bo`lmagan o`zbekcha devoni O`zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi.

    Nodira she`riyatining asosini lirika tashkil etadi. Nodira muhabbat, sadoqat va vafo kuychisidir. U go`zallik va sadoqatni, Sharq xotin-qizlarining dard-alamlari, ohu fig`onlarini kuyladi.

 

 

 

MAHMUDXO`JA BEHBUDIY (1875-1919)

     Buyuk ma`rifatparvar adib, alloma va jamoat arbobi Mahmudxo`ja Behbudiy 1875 yili Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga keldi. Ziyolilar oilasidagi muhit undagi adabiyotga, siyosatga, ma`rifatga bo`lgan qiziqishini tezroq ro`yobga chiqishiga yetakladi. Mahmudxo`ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug`ullanadi. Ro`znoma va oynomalardan jahonda sodir bo`layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib boradi.  U Makkaga borish maqsadida arab tilini o`rganishga kirishib, islom tarixi va nazariyasi bilan shug`ullana boshlaydi. 1902 yilda Makkaga borib, xo`ja va mufti unvonlariga ega bo`lib qaytadi. Behbudiy o`zbek va fors-tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan.

     Albatta, Behbudiyning xalq o`rtasida ortib borayotgan obro`-e`tibori nafaqat amirlik rahbarlari, balki bolsheviklarning ham reja va niyatlariga zid edi. 1919 yilda xorijiy safarga chiqqan Behbudiy ular chaquvi bilan Qarshida ushlanib, qatl qilinadi.

 

 

ABDULLA AVLONIY (1878-1934)

     Atoqli ma`rifatparvar, iste`dodli shoir va pedagog Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentda kosib oilasida dunyoga kelgan va eski maktabda ta`lim olgan. Abdulla Avloniy 1917 yilgacha mahalliy xalq orasidan yetishib chiqqan noshir va jurnalist sifatida Toshkentda «Shuhrat», «Osiyo» kabi gazetalarni tashkil etadi. Avloniy 1913 yili «Turon» teatr truppasini tashkil etdi va shu teatr uchun original sahna asarlarini yaratish bilan birga qardosh dramaturglarning p`yesalarini o`zbek tiliga tarjima ham qildi.

Abdulla Avloniy 20-yillarda o`zbek xalqi maorifi va madaniyati taraqqiyotida ishtirok etibgina qolmay, qo`shni afg`on xalqining ijtimoiy-siyosiy hayotida ham muayyan rol o`ynagan. U ma`lum muddat Afg`oniston xalq maorifi vaziri, so`ng Sho`rolar Ittifoqining Afg`onistondagi konsul-elchisi vazifalarida xizmat qilgan.

Avloniy umrining so`nggi yillarida O`rta Osiyo Kommunistik universitetida dars berish bilan birga o`zbek adabiyotidan qator darsliklarni yaratgan. U 1934 yil 24 avgustda 56 yoshida vafot etgan.

SADRIDDIN AYNIY (1878-1954)

     XX asr o`zbek va tojik adabiyotlariga ulkan hissa qo`shgan atoqli adib, olim va jamoat arbobi Sadriddin Ayniy Buxoro amirligiga qarashli G`ijduvon tumanining Soktare qishlog`ida 1878 yilning 15 aprelida dunyoga kelgan. Olti yoshidan maktabga qatnay boshlagan. Sadriddin 1890 yilda Buxoroga kelib, Mir Arab, Badalbek, Olimxon madrasalarida ta`lim olgan. Madrasani tugatgach, yangi usul maktablarida muallimlik qilgan. Sadriddin Ayniyning adabiy faoliyati o`tgan asrning 90-yillarida she`r yozish bilan boshlangan.

     S. Ayniy o`zbek va tojik adabiyoti tarixi yuzasidan katta ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning O`rta Osiyolik buyuk shoir va olimlar — Rudakiy, Sa`diy, Ibn Sino, Vasfiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. Unga filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950) ilmiy darajasi, Tojikistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi (1940) unvoni berilgan. U 1954 yilning 15 iyunida Dushanbe shahrida vafot etgan.

ABDURAUF FITRAT (1886-1938)

     Abdurauf Abdurahim o`g`li Fitrat madaniyatimiz tarixiga shoir va nosir, dramaturg va publitsist, tilshunos va adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf, san`atshunos va jamoat arbobi sifatida kiradi.

     U 1886 yili Buxoroda ziyoli oilasida tug`ilgan. Buxoro, Istambul madrasalari va dorilfununlarida o`qigan. U arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o`zlashtirgan.

     Fitrat 1909 yili Turkiyaga o`qishga borib, 1913 yilgacha Istambul dorilfununida tahsil ko`rgan. Turkiyada tashkil topgan «Buxoro ta`limi maorifi» uyushmasida faollik ko`rsatgan. 1909—1913 yillarda Turkiya dorilfununida o`qiyotganida jadidchilik g`oyalari bilan tanishib, shu g`oyalar bilan sug`orilgan asarlar yozgan. U Turkiyadagi tahsili davrida o`ziga Fitrat (zukko, dono, bilimdon) deb taxallus olgan. Fitrat 1938 yil 4 oktyabrda Abdulla Qodiriy, Cho`lpon singari yozuvchilar bilan birga otib tashlangan.

 

HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY (1889-1929)

     Yangi davr o`zbek adabiyotining namoyandalaridan biri, shoir va dramaturg, bastakor va rejissyor, ma`rifatparvar-pedagog va jamoat arbobi Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889 yil 6 martda Qo`qon shahrida tabib oilasida tug`ildi. Hamza avval eski maktab va madrasalarda o`qib, fors, arab tillarini, rus-tuzem maktabida esa rus tilini o`rganishga muvaffaq bo`lgan.

     Hamzaning badiiy ijodga qiziqishi barvaqt boshlangan. Hamza 1903 — 1914 yillar orasida Nihoniy taxallusi bilan 197 ta she`r yozib, ularni qo`lyozma devoni shakliga keltirgan. Bu devonni tashkil etgan she`rlarida Hamza o`zbek mumtoz adabiyoti an`analarining davomchisi sifatida namoyon bo`ladi. U 1909 — 1910 yillarda Toshkentda bo`lganida Munavvar qori, A. Avloniy, S. Rahimiy singari ma`rifatparvarlar bilan tanishib, ular ta`sirida jadidchilik harakatiga kelib qo`shiladi. Hamza 1928 yil avgust oyida Shohimardonga yuboriladi. U yerda madaniy-oqartuv ishlari, xotin-qizlar ozodligi masalalari bilan shug`ullanadi. 1929 yil 18 martda u shu yerda fojeali halok bo`ladi.

 

ABDULLA QODIRIY (1894-1938)

     O`zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tug`ildi. Adibning ilk ijodi 1913 — 1914 yillarda boshlangan bo`lib, dastlab u shoir sifatida qalam tebratgan.

    1924 yili Abdulla Qodiriy Moskvaga borib, Jurnalistlar institutida tahsil oldi. Moskvadan qaytib, «Mushtum» jurnalida muxbir bo`lib ishlay boshladi.

     Abdulla Qodiriy 1917-1918 yillardan boshlab «O`tgan kunlar» romani uchun material yig`ishga kirishdi. 1922 yilda birinchi o`zbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etila boshlandi. 1925 — 1926 yillarda «O`tgan kunlar» uch bo`lim holida kitob bo`lib nashr etildi.

    Abdulla Qodiriy 1926 yilda «Mushtum»da bosilgan «Yig`indi gaplar» maqolasi tufayli qisqa muddat hibsga olingan. 1937 yilning 31 dekabrida esa «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olinib, 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda otilgan.

FAYZULLA XO`JAYEV (1896-1937)

    Atoqli davlat va siyosat arbobi, Buxoro jadidchiligining faol ishtirokchisi, "Yosh buxoroliklar" partiyasining rahbarlaridan biri Fayzulla Xo`jaev 1896 yil 1 iyulda Buxoro shahrida yirik savdogar oilasida tug`ilgan. U yoshligida eski maktabni bitirib, Buxoro madrasasida o`qigan. 1907—1912 yillarda F.Xo`jaev Moskvada shaxsiy o`qituvchilardan ta`lim olgan. 1913 yildan jadidlar safida faoliyat ko`rsatgan va xalq orasida ma`rifat tarqatish bilan shug`ullangan. Otasidan meros qolgan katta boylikni yangi usul maktablari ochishga, yosh buxoroliklar siyosiy faoliyatini moddiy qo`llab-quvvatlashga sarfladi. 1920-yilda Turkistonda muhojirlikda bo`lib, "Yosh buxoroliklar" partiyasining Turkiston byurosini tashkil qilgan. F.Xo`jaev o`z faoliyati davomida o`zbek xalqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi tadbirlarni amalga oshirishga intildi.

    F.Xo`jaev 1937 yil 9 iyulda Moskvada qamoqqa olindi va otishga hukm qilindi. Hukm Moskva atrofidagi Butovo qatlgohida ijro etilgan.

 

CHO`LPON (1897-1938)

    O`zbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Abdulhamid Sulaymon o`g`li Cho`lpon 1897 yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgan. Cho`lpon avval eski maktabda, so`ngra madrasalar va rus-tuzem maktabida tahsil olib, arab, fors va rus tillarini mukammal o`zlashtiradi. Mutolaa yo`li bilan esa turk, nemis va ingliz tillarini o`rganadi. Sharq va G`arb ijtimoiy-siyosiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Sa`diy, Hofiz, Umar Xayyom, Alisher Navoiy kabi buyuk so`z san`atkorlari ijodini mehr bilan o`rganadi. Cho`lponning ijodi 1913—1914 yillardan boshlangan. Cho`lpon dunyoqarashi va ijodining shakllanishiga asr boshlaridagi demokratik inqiloblar hamda jadidchilik harakati katta ta`sir ko`rsatgan.

    Cho`lpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriylar kabi qatag`onlik davrining qurboni bo`lgan. U 1937 yilning 14 iyulida qamoqqa olinib, 1938 yilning 4 oktyabrida otib tashlangan.

 

G`AFUR G`ULOM (1903-1966)

    O`zbek adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri G`afur G`ulom 1903 yil 10 mayda Toshkent shahrining Qo`rg`ontegi mahallasida tavallud topdi. To`qqiz yoshida otasidan, o`n besh yoshida onasidan yetim qolgan G`afur avval eski maktabda, so`ngra rus-tuzem maktabida ta`lim oldi.  U Oktyabr to`ntarishidan keyingi yillarda muallimlar tayyorlov kursini bitirib, yangi usuldagi maktablarda o`qituvchilik qildi. 1923 yildan bolalar uyida mudir va tarbiyachi, so`ng «Kambag`al dehqon», «Qizil O`zbekiston», «Sharq haqiqati» gazetalari muharririyatlarida ishladi. Gazeta uning uchun dorilfunun rolini o`tadi, xalq hayotini o`rganish, unga faol aralashish yo`lida muhim vosita bo`ldi.

    G`afur G`ulom O`zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi (1943) edi. Unga 60 yillik yubileyi munosabati bilan O`zbekiston xalq shoiri faxriy unvoni berilgan (1963).

O`zbek she`riyatining otashin jarchisi, ulkan so`z san`atkori G`afur G`ulom 1966 yil 10 iyulda Toshkentda vafot etgan. Vafotidan so`ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2000).

 

ABDULLA QAHHOR (1907-1968)

    O`zbek adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo`shgan Abdulla Qahhor 1907 yil 17 sentyabrda Qo`qon shahrida temirchi oilasida dunyoga keldi. O`rta ma`lumotni Qo`qonda olgan Abdulla 1925 yili Toshkentga kelib, «Qizil O`zbekiston» gazetasida ishlaydi. U O`rta Osiyo Davlat dorilfununining pedagogika fakultetida (1930) tahsil oldi. Yozuvchi «Sovet adabiyoti» jurnalida mas`ul kotib, O`zbekiston Davlat nashriyotida muharrir lavozimlarida ishladi (1954—1956).

    Abdulla Qahhorning ijodi 1924 yildan boshlangan. Dastlab «Mushtum» jurnalida, «Yangi Farg`ona» va «Qizil O`zbekiston» gazetalarida uning hikoya, feleton, xabarlari bosildi. Yozuvchining «Olam yasharadi» nomli birinchi hikoyalar to`plami 1938 yilda chop qilindi. 30-yillarda adibning «Hikoyalar» to`plamlari (1935, 1938, 1939) kitobxonlar qo`liga tegdi. Bu davrda Abdulla Qahhor kichik hikoyalardan tashqari, «Sarob» (1935) romanini yozdi.

    Abdulla Qahhor adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun O`zbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan taqdirlandi (1967). U 1968 yil 25 may kuni Moskvada 61 yoshida vafot etgan.

MAQSUD SHAYXZODA (1908-1967)

    O`zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyotshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzoda 1908 yil 25 oktyabrda Ozarboyjonning Oqdosh shahrida tavallud topti. Boshlang`ich va o`rta ma`lumotni Oqdoshda olgach, Boku Oliy pedagogika institutida sirtdan o`qidi va 1925 yildan boshlab Derkend shahrida muallimlik bilan shug`ullandi.

Shayxzoda 1928 yilda Toshkentga kelib, turli gazeta va jurnallar muharririyatlarida, 1935—1938 yillarda esa Fanlar Qo`mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938 yildan to umrining so`ngiga qadar Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutining o`zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida dotsent vazifasida xizmat qilib, yuqori malakali kadrlar tayyorladi. Shoirning adabiy faoliyati 1929 yildan boshlandi.

    Shayxzoda 1967 yil 19 fevralda vafot etdi. U Toshkentning Forobiy qabristonida dafn etilgan.

HAMID OLIMJON (1909-1944)

    Iste`dodli shoir, dramaturg, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga keldi. Narimonov nomidagi boshlang`ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1923—1926), so`ng Pedakademiyada (1926— 1931) o`qidi.

    Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq she`riyatga qiziqdi. Uning asarlari 1926 yildan «Zarafshon» gazetasida chiqa boshladi. 1927 yilda shoir mazkur ro`znoma muharririyatiga ishga o`tdi.

    Hamid Olimjonning «Ko`klam» nomli ilk she`riy to`plami 1929 yilda bosilib chiqdi. Shundan so`ng «Olov sochlar» (1931), «O`lim yovga» (1932), «Poyga» (1932) kabi she`riy to`plamlari nashr etildi.

    Hamid Olimjon she`riyatining lirik qahramoni — zamon bilan baravar odim otuvchi, vatanparvar, shodlik va baxt taronalarini kuylovchi insondir.

    O`zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a`zosi (1943) Hamid Olimjon o`zbek adabiyotining dolzarb masalalari bo`yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi.

    Iste`dodli shoir 1944 yil 3 iyulda avtomobil halokatiga uchrab, vafot etgan.

ZULFIYA (1915-1996)

    O`zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tug`ilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida o`qigan vaqtlaridayoq (1931—1934) adabiy to`garaklarda she`rlar mashq qila boshladi. 1935—1938 yillarda O`zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. So`ngra 1938—1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O`zbekiston Davlat nashriyotida bo`lim boshlig`i, 1950—1953 yillarda esa «O`zbekiston xotin-qizlari» («Saodat») jurnalida bo`lim boshlig`i. 1953—1980 yillarda esa bosh muharrir bo`lib ishladi.

    Shoira Hindiston, Yugoslaviya, Shri Lanka, Misr, Birma, Avstriya kabi mamlakatlarda bo`ldi. U 1956 yilda Osiyo va Afrika yozuvchilarining Dehlida o`tkazilgan birinchi konferentsiyasida qatnashib, mashhur «Mushoira» (1958) asarini yaratdi.

    Atoqli shoira 81 yoshida, 1996 yil 1 avgustida vafot etgan.

 

 

SAID AHMAD (1920-2007)

    O`zbek nasrining peshqadam arboblaridan biri Said Ahmad Husanxo`jaev 1920 yil 10 iyunda Toshkentning Samarqand darvoza mahallasida dunyoga keldi. 1939 yili o`rta maktabni, 1943 yili esa oliy o`quv yurtini tugatdi. Adabiyot darslari va to`garaklarida ijodga bo`lgan havasi ortib, qo`liga qalam ushlagan. Vaqtli matbuot esa uning ijod dorilfununi bo`lgan.

Said Ahmad dastlab «Mushtum» jurnalida, Radio komitetida (1942—1943), «Qizil O`zbekiston» gazetasi (1943—1947), «Sharq yulduzi» jurnalida (1948—1950) ishlagan.

Uning birinchi hikoyalar to`plami «Tortiq» 1940 yilda nashr etiladi.


Said Ahmadning barcha hikoyalari zamonaviy mavzuda yozilgan. U hikoyalarida tasvirlaydigan har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqarishga, voqealarni lirik ta`sirchanlik bilan ifodalashga, badiiy tasvirlarning xilma-xilligiga erishishga intiladi. Said Ahmad kichik hajviy asarlari bilan o`zbek radio va televideniyesida quvnoq miniatyuralar teatriga asos solgan.

Said Ahmad 2007 yil 5 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

 


Yangiliklar

  • Innovatsion ekskursiya!

    Barcha murabbiylar diqqatiga!!! Somoniylar maqbarasining sirlarini bilamizmi? Yoshlar o`rtasida shahrimizning qadimiy boy tarixini keng targ`ib etish, ularda milliy g`urur va iftixor tuyg`ularini kuchaytirish maqsadida jahongashta.uz tomonidan Somoniylar istirohat bog`ida...

Dolzarb yangiliklar

Maslahat

Maslahat

Batafsil

Al Beruniy tug`ilgan kun

Al Beruniy tug`ilgan kun

Batafsil

Eski shaharda bahor

Eski shaharda bahor

Batafsil

Rassom

Rassom

Batafsil

Innovatsion ekskursiya!

Innovatsion ekskursiya!

Batafsil

Blog

  • РАҚОБАТБАРДОШ ТУРИСТИК ҲУДУД БРЕНДИ ВА ИМИЖИНИНГ ИЛМИЙ АСОСЛАРИ

      “Иқтисодиёт ва инновацион технологиялар” илмий электрон журналининг 2018 йил 5-сонида Бухоро давлат университети Туризм кафедраси доценти Н.С....

  • Ўзбекистон туризмини мустақил уюшган сайёҳлар сегментига мослаштириш

     " Ўзбекистон туризмини мустақил уюшган сайёҳлар сегментига мослаштириш" номли мақола  “Иқтисодиёт ва инновацион технологиялар” илмий электрон...

  • МАМЛАКАТ ДОИРАСИДА ТУРИЗМНИНГ УЧ МАКОНЛИ ТИЗИМЛИ ТАҲЛИЛИ

    БухДУ Туризм факультети докторанти Ибрагимов Н.С. МАМЛАКАТ ДОИРАСИДА ТУРИЗМНИНГ УЧ МАКОНЛИ ТИЗИМЛИ ТАҲЛИЛИ.